Islombek Abdixakimov
Kiber huquq kafedrasi o'qituvchisi,
Toshkent davlat yuridik universiteti
2025-yil 15-mayda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Bolalar uchun mo'ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-183-sonli Qaror imzolandi. Ushbu muhim huquqiy hujjat mamlakatimiz kelajagi bo'lgan yosh avlod uchun sifatli ta'limiy va madaniy kontentlarni rivojlantirish uchun keng qamrovli chora-tadbirlarni belgilaydi. Qaror bolalarning aqliy va ma'naviy rivojlanishiga xizmat qiluvchi milliy ruhda yaratilgan sifatli kontentlarni ishlab chiqarishni davlat miqyosida qo'llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini o'z ichiga oladi.
Qarorning asosiy maqsadlari
Prezident qarorida quyidagi strategik maqsadlar belgilangan:
Bolalarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularda sog'lom turmush tarzi ko'nikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona Vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish hamda ularni ta'lim va tarbiya dasturlari bilan integratsiya qilish. Qaror chet el kontentlarining bolalarning ongi va qalbiga ta'sirini muntazam tahlil qilib borish va tegishli takliflar ishlab chiqish, ushbu yo'nalishda zararli trendlar, xatarli chellenjlarni aniqlash va ularga qarshi kontentlar ishlab chiqish, bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratishni ko'zda tutadi.
Institutsional tuzilma va boshqaruv mexanizmlari
Qaror bilan bolalar uchun mo'ljallangan milliy kontentlar yaratishni muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilishi va uning tarkibi hamda asosiy vazifalari belgilab berilgan. Kengash raisi etib O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yordam​chisi S.Sh. Mirziyoyeva tayinlangan. Kengashga maktabgacha va maktab ta'limi vaziri X.U. Umarova, madaniyat vaziri O.A. Nazarbeklov, oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov, raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov kabi yuqori lavozimli rahbarlar kiritilgan.
Bundan tashqari, qaror Bolalar kontentini rivojlantirish markazi (keyingi o'rinlarda — Markaz) tashkil etilganligini hamda uning asosiy vazifalari belgilab berilganligini nazarda tutadi. Markaz faoliyatini samarali yo'lga qo'yish uchun ekspertlar guruhi tuzilib, uning zimmasiga kontentlarning g'oyasi, mazmun-mohiyati, badiiy saviyasini ko'rib chiqish, loyiha va stsenariylarni saralash hamda ishlab chiqarishga tavsiya etib borishni yo'lga qo'yish vazifasi yuklatilgan.
Moliyaviy qo'llab-quvvatlash mexanizmlari
Qaror bolalar uchun mo'ljallangan kontentlar yaratishni moliyalashtirish uchun har yili davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'larning kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar, shuningdek, Markazga yo'naltirilishini belgilangan. 2025 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvarga qadar:
- Foyda solig'i to'lashdan ozod qilinadi;
- Ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to'laydi;
- Yuridik shaxslarga bolalar uchun mo'ljallangan kontentlar yaratish bilan bog'liq bo'lgan xarajatlarini foyda solig'ini hisoblaganda chegirish huquqi beriladi.
Qarorga ko'ra, Markaz bolalar uchun mo'ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo'yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun tanlov e'lon qiladi. Bunda har bir tanlovning qiymati bazaviy hisoblahs miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo'ladi.
Yaratilayotgan loyihalar va tashabbuslar
Qaror doirasida quyidagi muhim loyihalar amalga oshirilishi nazarda tutilgan:
- "Bolajon" telekanali: O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda "Bolajon" telekanalini barcha moddiy-texnik bazasi, amaldagi moliyalashtirish tartibi, huquqlari va majburiyatlari bilan birgalikda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimiga o'tkazadi. Belgilansinki, "Bolajon" telekanali "O'zbektelefilm" davlat muassasasiga tegishli pavilyon va studiyalardan ijara to'lovisiz foydalanadi.
- "Barkamol avlod" bolalar maktablarida kreativ industriya yo'nalishlari: 2025 yil 1 sentyabrga qadar Qoraqalpog'iston Respublikasi "Barkamol avlod" bolalar maktabida, 2026 yildan boshlab esa viloyatlar va Toshkent shahar "Barkamol avlod" bolalar maktablarida bosqichma-bosqich iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularning iqtidorini yanada rivojlantirish bo'yicha kreativ industriya yo'nalishlari faoliyatini yo'lga qo'yish nazarda tutilgan.
- "Raqamli avlod" loyihasi: Zamonaviy texnologiyalar asosida bolalar uchun mo'ljallangan kontentlar yaratish va ularning bilim va ko'nikmalarini rivojlantirish maqsadida "Raqamli avlod" loyihasi amalga oshiriladi. Bu loyiha doirasida har yili IT oromgoh, haftalik, musobaqa, "Raqamli avlod qizlari" tanlovi, sayyob tadbirlari, xakaton va boshqa tadbirlar o'tkaziladi.
Kadrlar tayyorlash masalalari
Qaror zamonaviy texnologiyalar asosida bolalar uchun mo'ljallangan kontentlar yaratish yo'nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili:
- "El-yurt umidi" jamg'armasi tomonidan jaxondagi yetakchi oliy ta'lim tashkilotlarida bakalavr dasturlari bo'yicha kadrlar tayyorlash uchun 5 ta kvota;
- Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari doirasida jaxondagi yetakchi kompaniyalarda amaliyot (stajirovka) o'tash uchun 10 ta kvota ajratiladi.
Xulosa
PQ-183-sonli "Bolalar uchun mo'ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qaror bolalar madaniyati va ta'limi sohasidagi keng qamrovli islohotlarning muhim qadami hisoblanadi. Qaror yosh avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ularga sifatli va zamonaviy ta'lim berish, axborot xavfsizligini ta'minlash hamda intellektual rivojlanish uchun qulay muhitni yaratishga xizmat qiluvchi tashkiliy, moliyaviy va huquqiy asoslarni yaratadi.
Ushbu qaror bolalar uchun kontentlar ishlab chiqarish va tarqatish sohasini tizimli ravishda rivojlantirishga, soha vakillarini moddiy va ma'naviy rag'batlantirishga, ilg'or xalqaro tajribalarni milliy madaniyat bilan uyg'unlashtirishga va eng muhimi, farzandlarimizni sog'lom, bilimli, vatanparvar, milliy an'analarimizga sodiq insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi.